Tojikistonda fuqaro xotinini rashk qilib, bozorni yoqib yubordi

Yong‘in oqibatida uchta do‘kon butunlay yonib ketdi. Do‘kon egalariga yetkazilgan zarar 50 ming somoniga (5300 dollar) baholanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv - Sputnik. Tojikistonda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari Panj tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni qo‘lga olishdi. U mahalliy markaziy bozordagi do‘konlarga o‘t qo‘yib yuborganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar qildi.

Hodisa 2-yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida militsiya xodimlari tomonidan 40 yoshli Azimjon Rajabov hibsga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘ini rashk qilgani tufayli mazkur jinoyatga qo‘l urgan.

“Men uyda lattani moyda ho‘lladim. Keyin do‘konga o‘t qo‘yish uchun bozorga keldim. Birinchi urinishim muvaffaqiyatsiz kechdi. Men qaytib ketdim. Ozgina aroq ichib, do‘konga o‘t qo‘yish uchun bozorga qaytib keldim. Buning hammasini rashk tufayli qildim”, - deydi jinoyatchi.

Ayol bozor hududida joylashgan do‘konlarning birida sotuvchi bo‘lib ishlagan. Gumonlanuvchi aynan shu savdo nuqtasiga o‘t qo‘yishni rejalashtirgan. Yong‘in oqibatida uchta do‘kon butunlay yonib ketgan. Do‘kon egalariga yetkazilgan zarar 50 ming somoniga (5300 dollar) baholanmoqda.

Rajabovga nisbatan mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.