TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Prezidentning 2018-yil 14-fevraldagi qaroriga muvofiq, Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limida ham zamonaviy tizim tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika bo‘linmasi, tergov bo‘linmasi, jinoyat qidiruv bo‘linmasi, pasport xizmati, psixolog faoliyati, yong‘in xavfsizligi, tez yordam, favqulodda yordam va boshqa xizmatlar bir joyda mujassamlashgan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shavkat Mirziyoyev poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat bo‘linmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga ko‘ra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari bu taklifni ma’qullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun pastda tizim mustahkam bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
“Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi ma’rifat kuchli bo‘lishi lozim. Muhit shunday bo‘lishi kerakki, hech kim jinoyatga qo‘l ura olmasin”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab rag‘batlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Profilaktika inspektorlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Ichki ishlar bo‘limidagi yangi mutaxassislar - psixolog, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha profilaktika inspektorlari bilan bo‘lgan suhbatda shavka Mirziyoyev xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga ko‘mak, mehr berishi kerakligini ta’kidladi.
“Jinoyatga qo‘l urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini o‘rganish, maishiy muammolari bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qo‘llab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi o‘zgaradi, natija bo‘ladi”, – dedi prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar bo‘limidagi pasport xizmati xonasida bo‘lib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini ko‘zdan kechirdi.