TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. Huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, evaziga katta miqdorda pora talab qilgan soxta IIV xodimini hibsga oldi, deb xabar qildi Toshkent IIBB matbuot xizmati.
Ichki ishlar organlariga Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi 29 yoshli Umida X. murojaat qilib, unga ichki ishlar organlariga ishga joylashtirishni va’da qilib, evaziga 2 000 dollar so‘rayotgan “Yusup” ismli shaxsga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan.
Xabarda keltirilishicha, fuqarodan pora talab qilgan shaxs – 26 yoshli Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan, fuqaroligi bo‘lmagan va Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi Yusupjan R. ekanligi aniqlangan.
Olib borilgan tadbirlar natijasida firibgar IIBB xodimlari tomonidan o‘z avtomobilida kelishilgan mablag‘ning bir qismi sifatida 1 300 dollarni olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar Toshkent shahar IIBB qoshidagi Tergov boshqarmasiga yo‘naltirildi.
Uzoqqa qocha olmadi: Toshkentda qidiruvda bo‘lgan firibgar qo‘lga tushdi ˃˃˃
Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 1 qismi (“Firibgarlik”) va 211 moddasi 1 qismi (“Pora berish”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.