Tinch okeanida 3,8 mingta avtomobil bo‘lgan kema yonishda davom etmoqda. Yong‘in o‘tgan hafta, Yaponiyadan Gavayiga mashinalarni olib o‘tish vaqtida yuzaga kelgan. Bortda 21 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ularning 16 nafari qutqarildi, to‘rt nafarining jasadi suvdan topildi, bir kishi bedarak yo‘qoldi.
Associated Press ma’lum qilishicha, Nissan konsern vakillari kema bu markadagi 3,5 mingta avtomobilni olib o‘tayotgani hamda bortda uch yuztadan ziyod yengil mashina hamda qurilish texnikasi bor ekanini tasdiqlashgan. Kompaniya yuklarning holati haqida ma’lumotga ega emas. Nissan vakillari dengizchilar va qutqaruvchilar hayoti borasida xavfsiramoqda.
Yong‘in sabablari hozircha noma’lum. Kema oqim bo‘yicha ekipajsiz harakatlanmoqda.