TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. Yetti davlat tashqi ishlar vazirlari Samarqandda uchrashadi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
“12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo“ muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston ishtirokida ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tadi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda mamlakatlar orasida savdo hajmini oshirish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar jalb qilish masalalari hamda madaniyat, ilm-fan, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Muxtor Tleuberdi, shuningdek, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy ishtirok etadi.