Mirziyoyev: 2019-yil turizm rivojida tub burilish yili bo‘ladi

2025 yilda xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu haqda 8-yanvar kuni investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Turizm sohasidagi mukofot: O‘zbekistonda har yili taqdirlash marosimi o‘tkaziladi

Davlat rahbari, jumladan, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy kompleksiga oid vazifalarga ham to‘xtalib, turizm sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. 

“Turizm uchun bosqichma-bosqich hamma sharoitlarni yaratapmiz, investorlarga, ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar berapmiz. 2019-yil turizm rivojida tub burilish yili bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ham bu soha rivoji bo‘yicha takliflar bildirgan edi.

Ushbu takliflarni amalda tatbiq etish maqsadida prezidentning joriy yil 5-yanvardagi farmoniga muvofiq 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, o‘sha kuni imzolangan prezident qarori bilan mehmonxonalar tashkil etish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati qabul qilindi.