TOShKENT, 1 yanv - Sputnik. O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi konsulxonasi 2019-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Magnitogorsk shahrida turar-joy binosi qulashi natijasida qurbon bo‘lganlar orsida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qildi.
"31-dekabr ertalab sodir bo‘lgan Magnitogorsk fojeasi bo‘yicha vaziyatni Bosh konsulxona jiddiy nazoratga olgan", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida 31-dekabr kuni Moskva vaqti bilan 4.00da gaz portlashi oqibatida ko‘p-qavatli turar joy podyezdi o‘pirilib tushgan va 26ta xonadon barbod bo‘lgan edi.
Ushbu xonadonlarda 46 kishi istiqomat qilgan, talafot yetgan hududda esa jami 120 kishi yashagan.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi borligini, u o‘ta og‘ir ahvolda ekanini aytgan edi.
Ayni damda kelib tushgan xabarga muvofiq, Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri Magnitogorskda yuz bergan portlash oqibatida O‘zbekiston emas, Tojikiston fuqarosi halok bo‘lganiga aniqlik kiritdi.
Sal oldin yetti kishi halok bo‘lganini, besh kishi, shu jumladan bir nafar bolakay jabr ko‘rgani haqida xabar berilgan edi. Yana 37 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Ikkinchi yanvar sanasi Chelyabinsk viloyatida motam kuni deb e’lon qilingan.