Toshkent viloyatida militsiya xodimiga "kalla qo‘ygan" fuqaro qo‘lga olindi

Erkak MIB xodimi bilan janjallashayotgani tufayli, militsiya bo‘limiga chaqiruv qo‘ng‘irog‘i amalga oshirilgan
Sputnik

TOShKENT, 30 dek - Sputnik. Toshkentlik erkak xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektoriga tan jarohati yetkazganlikda gumonlanmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.

Aholi debitor qarzdorligi keskin oshib ketmoqda – MIB direktori o‘rinbosari

IIV xabariga ko‘ra, 27-dekabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumani IIB profilaktika inspektori chaqiruv asosida "Navdak" mahallasida yashovchi fuqaro M.S.ning uyiga borgan.

Uy egasi Majburiy ijro burosi xodimi bilan o‘zaro janjallashayotgani sababli, inspektor uni tartibga chaqirgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasiga olib bormoqchi bo‘lganida, uy egasi ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, boshi bilan uni yuziga urib jarohat yetkazgan.

Natijada inspektorga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Janjalkash xonadon sohibi qo‘lga olingan, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.