Xususiy tashkilotlarning qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat beriladi

“Yo‘l xaritasi”da jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Sputnik

TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan 2019-yilda O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar qilindi.

O‘zbekistondagi xonadonlar qo‘riqlash uskunalari bilan tekinga jihozlanadi

“Yo‘l xaritasi”da jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha quyidagicha tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan:

- qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanishni yanada takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, xususan, nodavlat tashkilotlarga xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘riqlash faoliyatiga va xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berish;

- ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari xodimlari uchun mobil videokameralar hamda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqishning elektron tizimi plenshetlarini xarid qilish;

- alkogoldan o‘tkir mastlik holatida bo‘lib, o‘zining harakatlari bilan huquq-tartibotga xavf tug‘diruvchi shaxslarni vaqtincha izolyatsiyalash va reabilitatsiya qilish uchun har bir tuman (shahar) sog‘liqni saqlash muassasalarida alohida xonalar (hushorxona) ajratish.