Korrupsiya va mijozlarga qo‘pol muomala: yana bir avtosalon rahbari ishdan olindi

Qator qoidabuzarliklar aniqlangan “Farg‘ona Avtomarkaz” MChJ rahbari o‘zgartirildi.
Sputnik

TOShKENT, 26 dek – Sputnik. “GM Uzbekistan” AJ “Farg‘ona Avtomarkaz” dilerlik markazi rahbari vazifasidan ozod etdi, deb xabar qildi ushbu kompaniya matbuot xizmati.

Korrupsiya va “antisanitariya”: GM Uzbekistan yana bir avtosalon bilan ishni to‘xtatdi

Xabarda aytilishicha, dilerlik korxonalarining 9 oylik yakunlarini o‘rganish davomida “Farg‘ona Avtomarkaz” MChJda tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

"Monitoring o‘tkazishdan asosiy maqsad 2018-yil boshidan “GM Uzbekistan” kompaniyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan dilerlik korxona faoliyatiga doir 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Murojaatlar avtosalonning mijozlarga nisbatan qo‘pol muomala hamda korrupsion harakatlari bilan bog‘liq.

Shuningdek, avtosalonda sotuv jarayonlari shaffofligini ta’minlaydigan va avtomobil sotib olayotgan mijozlarga qulay sharoit yaratuvchi tizimli ish tashkil qilinmagan. Xodimlarning malakasizligi mijozlar bilan muloqotda belgilangan savdo tartibiga mos kelmagan", - deyilgan xabarda.

Natijada “Farg‘ona Avtomarkaz” dilerlik markazi rahbari vazifasidan ozod etildi.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yangi tayinlangan direktor v.b. Erkin Ikramov zimmasiga yuklatildi.