Kuper nima sababdan Denisovni terma jamoa safiga chaqirmaganini izohladi

Murabbiy nafaqat O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi, balki yoshlar va o‘smirlar terma jamoalaridagi futbolchilarni ham kuzatib borayotgani va tarkibga futbolchi jalb qilayotganda yoshiga emas jismoniy holatiga qarashini qo‘shimcha qildi.
Sputnik

TOShKENT, 25 dek - Sputnik. Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper yig‘in va bo‘lajak Osiyo Kubogi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

29 dekabrgacha davom etadigan yig‘inga 27 nafar futbolchi ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar paytida har qanday holat ro‘y berishi mumkin, jarohatlardan hech kim kafolatlanmagan. Shu sababli biz yig‘inga ko‘proq futbolchi olib kelingan. Futbolchilarning ko‘pligi raqobatni kuchaytiradi. Yangi jalb qilingan futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishga intilib, natijada terma jamoadagi asosiy tarkibga bo‘lgan sog‘lom raqobat kuchayadi. 

Mashg‘ulotlar paytida har qanday holat ro‘y berishi mumkin, jarohatlardan hech kim kafolatlanmagan. Masalan, Ivan Nagayev jarohati sababli yig‘inni erta tark etdi. Eldor Suyunov esa qo‘lidan olgan jarohati sababli Turkiyaga kela olmadi. 

“Barcha pozitsiyalar bo‘yicha bir necha nafar futbolchilarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Raqobatni kuchaytirish maqsadida. Masalan, Fozil Musayev yaqinda jarohatidan tiklanib safga qaytganiga qaramay, u yarim himoya pozitsiyasida raqobatni ancha kuchaytira oladi”, - dedi bosh murabbiy.

Ko‘pchilikni yig‘inda terma jamoa hujumchisi Rossiyaning “Krilya Sovetov” klubi tarkibida to‘p suruvchi Vitaliy Denisnovning yo‘qligi hayratga soldi.

“Vitaliy Denisovni yig‘inlar davomida ko‘rdik. Undan tashqari Rossiya chempionatidagi o‘yinlarini kuzatib bordik. O‘zimizga xulosa chiqardik. Qaror qabul qilishda asosiy omil sifatida uning hozirgi holatini keltirish mumkin. Denisovning pozitsiyasida o‘ynaydigan 2 nafar futbolchimiz bor: Farrux Sayfiyev va Oleg Zoteyev. Muxlislardan ba’zilari Zoteyevni olish kerak edi desa, ba’zilari Farrux undan kuchliroq deydi. Hammaning fikri har xil. Lekin yakuniy qarorni murabbiy qabul qiladi. Mening qarorim ham 100 foiz to‘g‘ri bo‘lib chiqadi, deb ayta olmayman. Agar xato bo‘lsa, ayb menda bo‘ladi”, - dedi Kuper.

“O‘ylaymanki, biz hozir to‘g‘ri yo‘ldamiz”: Ektor Kuper Osiyo kubogini qo‘lga kiritmoqchi

Kuperning so‘zlariga ko‘ra, bu Vitaliy Denisov endi O‘zbekiston terma jamoasiga umuman chaqirilmaydi, degani emas. Uni keyinchalik Jahon chempionati saralashlarida jalb qilishmoqchi.

“Umuman olganda, har bir futbolchi ba’zan terma jamoadan chaqiruv olishiga, ba’zan esa tarkibdan chetda qolishiga hamisha tayyor turishi kerak. Futbolchilar milliy terma jamoa uchun ba’zi narsalarni qurbon qila olishi kerak. Shundagina u terma jamoa tarkibida muvaffaqiyatga erisha oladi”, - deb ma’lum qildi Kuper.

Murabbiy nafaqat O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi, balki yoshlar va o‘smirlar terma jamoalaridagi futbolchilarni ham kuzatib borayotgani va tarkibga futbolchi jalb qilayotganda yoshiga emas jismoniy holatiga qarashini qo‘shimcha qildi.

“O‘tgan 4 oyga yaqin vaqt davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z o‘yin uslubini shakllantirishga harakat qildik. Biz Osiyo Kubogida ana shu o‘yin uslubimizda to‘p suramiz. To‘g‘ri, kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaydigan bo‘lsak, taktikamizga ba’zi o‘zgarishlarni kiritishimiz mumkin.  Har bir murabbiyning o‘z falsafasi bor. Agar tarkibdagi futbolchilar mazkur falsafani to‘g‘ri tushuna olsa va maydonda borini berib harakat qilsa, albatta jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishadi", - dedi Kuper.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ektor Kuper qit’a birinchiligida O‘zbekiston sha’nini himoya qiladigan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Qit’a birinchiligi 5-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklarida boshlanadi. O‘zbekiston terma jamoasi 9, 13 va 17-yanvar kunlari Ummon, Turkmaniston va Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.