“O‘zavtosanoat” 32 ta dilerlik korxonasidagi o‘z ulushini sotadi

Ushbu korxonalarning har biri tayyor, yuqori daromadli biznes bo‘lib, yangi avtomobillar, ehtiyot qismlar sotuvining amaldagi tizimini, shuningdek avtoservis xizmatlari ko‘rsatish tizimini o‘zida qamrab olgan.
Sputnik

TOShKENT, 24 dek – Sputnik. “O‘zavtosanoat” AJ xususiy dilerlik korxonalari sonini ko‘paytirish maqsadida, 32 ta dilerlik korxonalari ustav fondlaridagi o‘z ulushlarini auksion savdolariga qo‘ydi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu korxonalarning har biri tayyor, yuqori daromadli biznes bo‘lib, yangi avtomobillar, ehtiyot qismlar sotuvining amaldagi tizimini, shuningdek avtoservis xizmatlari ko‘rsatish tizimini o‘zida qamrab olgan.

O‘zavtosanoat: 73 kunda 38 mingdan ortiq avtomobil sotildi

Savdolarga avtomobillar sotuvining shaffof tizimlari rivojiga va ularga sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatishga investitsiya kiritish istagida bo‘lgan xususiy investorlar (yuridik va jismoniy shaxslar) taklif etiladi.

Auksion savdolari tashkilotchisi – “Respublika mulk markazi” AJ.

Savdolar 2019-yil 21-yanvarda o‘tkaziladi. Savdolarda qatnashish uchun dilerlik korxonasi ustav kapitalidagi ulush boshlang‘ich qiymatining 15 foizini o‘tkazish talab etiladi.

Ulushlari sotuvga qo‘yilgan dilerlik korxonalari nomlari va ularning boshlang‘ich narxlari kompaniya xabarida keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zavtosanoat” AJ uchta dilerlik korxonalaridagi ulushlarni sotish uchun auksionga qo‘yganligi haqida xabar qilgandik.