Shermatovning so‘nggi ogohlantirishini Nurafshon XTB eshitmaganga olmoqda

O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, bugun, 21-dekabr kuni ularga "oxirgi srok" qo‘yilgan. Pullar maktab rahbarlari tomonidan yig‘ilmoqda . Pul yig‘ish topshirig‘i shahar XTBsidan kelib tushgan
Sputnik

TOShKENT, 21 dek - Sputnik. Toshkent viloyati Nurafshon shahri ta’lim maskanlarida, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning oxirgi ogohlantirishiga qaramay, majburiy obuna davom etmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘qituvchidan obunaga pul yig‘mang: Shermatov XTB rahbarlarini so‘nggi bor ogohlantirdi

"Maktabimiz rahbariga obunaga pul berish niyatim yo‘qligini tushuntira olmayapman. Bizga ma’lum qilinishicha, bugun, 21-dekabr kuni obuna bo‘yicha oxirgi "srok" qo‘yilgan. Pul topshirmagan maktab rahbarlari xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlari tomonidan "o‘z xohishi bilan ariza yozishga" majburlanishi kutilmoqda", - deydi muxbir bilan intervyuda Nurafshon shahridagi ta’lim maskanlarining birida dars beradigan o‘qituvchi.

O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, Xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari tomonidan shahardagi maktablarda majlislar o‘tkazildi. Ushbu majlislarda asosiy masala sifatida davlat tasarrufidagi mahalliy nashrlarga obuna bo‘lish o‘rtaga tashlangan. Bu tadbirlar go‘yoki ixtiyoriy deb ta’kidlanayotgan bo‘lsa-da, o‘qituvchilarning deyarli barchasi bunga rozi emas. Ammo ishidan ayrilib qolishdan qo‘rqib, rahbar talabiga bo‘ysunayotganlari ham topilmoqda.

Xususan, to‘lov summasi 150 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha qabul qilinmoqda. Hozirga kelib o‘qituvchilarning bir qismi ushbu to‘lovni majburan amalga oshirib ham bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov sal oldin XTB rahbarlariga so‘nggi ogohlantirish maktubini yo‘llagan va o‘z murojaatida o‘qituvchilardan majburiy obunaga pul yig‘ishni to‘xtatishni talab qilgan edi.

Nurafshon shahar XTB idorasi xodimlari Shermatovning bu ogohlantirish xatidan xabari yo‘qday. Shu bois shahar XTB maktab direktorlari va o‘qituvchilarni "obuna" kabi masalalar bilan ovora qilishda davom etmoqda.

Bekobod tumani XTB rahbari majburiy obuna tufayli ishdan olindi>>>

Xususan, shahardagi ayrim maktab o‘qituvchilari hali ham mahalalardagi xonadonlarni aylanib, hokimlik buyruqlarini bajarishga majbur bo‘lmoqda.

Sputnik muxbirining ushbu holat yuzasidan izoh olish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi bilan bog‘lanishga urinishi hech qanday natija bermadi. Matbuot-xizmati tomonidan tavsiya etilgan qisqa "1006" raqamidagi operator ovozi "hozirda barcha operatorlar bandligini va sal keyin bog‘lanishga urinib ko‘rish" kerakligini aytmoqda.