Soliq qarzini plastik kartadan so‘zsiz undirish tartibi tayyorlandi

Qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinadi.
Sputnik

TOShKENT, 17 dek – Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risida” idoralararo qaror loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Avtomobillarni ijaraga berish tartibi tasdiqlandi

Qaror loyihasida qayd etilishicha, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinadi.

"Eng kam ish haqi miqdori qonun hujjatlariga muvofiq inkasso topshiriqnomasi yuborilgan sanada shu oy uchun belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Agar eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda, o‘zgargan miqdordan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi", - deyilgan qaror loyihasida.

Bank plastik kartalardan jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari va daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblangan soliq hamda tadbirkorlik maqomini yo‘qotgan va bankda hisobvaraq ochmagan yoki bank hisobvaraqlari yopilgan yakka tartibdagi tadbirkor-jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha soliq qarzi so‘zsiz undiriladi.

Jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi ayrim holatlarda pul mablag‘lariga nisbatan undiruv qaratilmaydi. Masalan, bola tug‘ilganligi munosabati bilan to‘langan summalar; aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘langan summalar; homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘langan nafaqa summalari. Bunday holatlarning to‘liq ro‘yxati qaror loyihasida berilgan.

Bo‘lg‘usi hosil, garov va kredit: Markaziy bank qaror loyihasini tayyorladi

Jismoniy shaxsning davlat soliq xizmati organiga plastik karta raqamini ko‘rsatgan holda arizasi asosida o‘zining yoki arizasida ko‘rsatilgan jismoniy shaxsning soliq qarzi yoki joriy to‘lovlari hisobiga undirib olinishi mumkin.

Davlat soliq qo‘mitasi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay soliq qarzi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslar, ularning shaxsiy identifikatsion raqamlari, pasport ma’lumotlari, hududiy davlat soliq xizmati organi nomi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar nomi, soliq qarzi miqdori to‘g‘risidagi axborotlarni himoyalangan aloqa kanali orqali Markaziy bankiga elektron shaklda taqdim etadi.

Qaror Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishiladi.