Pensionerlarga nafaqa qanday hisoblanishi haqida xabar berildi

Endilikda pensionerning ishlayotganligi yoki ishlamayoganligidan qat’iy nazar pensiyasi to‘liq to‘lab beriladi
Sputnik

TOShKENT, 15 dek - Sputnik. Prezident farmoni bilan o‘zgartirishlar kiritilgan pensiya to‘g‘risidagi qonun nafaqaga chiqayotgan shaxslarga ko‘proq pensiya olish imkonini yaratdi.

Farmonga ko‘ra 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev islohotlar, sudyalar va pensiya haqida nimalarni aytdi

Amaldagi qonunchilikka muvofiq agar pensiyaga chiqqan shaxs ishlashda davom etadigan bo‘lsa, unga pensiyaning yarmi to‘lanar edi. Endilikda pensionerning ishlayotganligi yoki ishlamayoganligidan qat’iy nazar pensiyasi to‘liq to‘lab beriladi.

Ma’lumki, qonunchilikka muvofiq shaxsga tayinlanadigan pensiya miqdori maxsus hisob-kitob natijasida belgilanadi. Bunda ish staji va ish haqi baland bo‘lgan shaxslarga tayinlangan pensiyaning katta summada chiqishi ta’minlanadi.

Lekin ishlagan davrida olingan oylik har qancha katta bo‘lmasin, pensiyani hisob kitob qilishda ishlatiladigan summaning maksimal qiymati belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Farmon qabul qilingunga qadar ushbu summa eng kam ish haqining 8 baravarini tashkil qilgan. Masalan, shaxs ishlagan paytida aytaylik 2 mln so‘m oylik olgan bo‘lsa ham pensiyani hisob-kitob qilishda uning oyligi 1 mln 621 ming so‘m (hozirgi eng kam ish haqi 202 730*8) bo‘lgan deb qabul qilinardi, ya’ni belgilangan shu summadan oshmasdi.

Endilikda, pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha (hozirda 2 mln 27 ming 300 so‘m) oshiriladi.

Bu esa o‘z o‘zidan pensiyaga chiqayotgan shaxslarga yanada ko‘proq pensiya tayinlash imkonini beradi, deb xabar bergan "Huquqiy axborot" kanali.