TOShKENT, 14 dek – Sputnik. Toshkent shahar hokimligining “Toshkent shahridagi ayrim mahallalarning hududiy chegaralarini o‘zgartirish va yangi mahallalarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Mazkur qaror bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi va tuman hokimliklarining ayrim mahallalar hududiy chegaralarini qayta ko‘rib chiqish va yangi mahallalarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanishi mumkin.
Qaror loyihasiga Toshkent shahridagi mahallalarning hududiy chegaralarini qayta ko‘rib chiqish hisobiga yangi tashkil etilayotgan mahallalar ro‘yxati va ularning nomlari hamda bo‘linishi hisobiga tashkil etilayotgan mahalla chegaralari tavsiflari taqdiqlanishi mumkin. Biroq ular muhokamaga qo‘yilmagan.
Qaror loyihasida "Toshkent shahridagi mahallalar soni 508 ta deb hisoblansin" degan band ko‘rsatilgan.
Qaror loyihasi 29-dekabrgacha muhokama qilinadi.