O‘zbekistonda fohishalik uchun jazo choralari kuchaytirildi

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan fohishalik uchun jarima miqdori oshirildi.
Sputnik

TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi, deb xabar qildi Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali.

IIBB O‘zbekiston erkaklarini fohishalar xizmatidan foydalanmaslikka chaqirdi

Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan fohishalik uchun jarima miqdori oshirildi, bu ish bilan shug‘ullanish eng kam oylik ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinishiga olib keladi (ilgari eng kam oylik ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha).

Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi (ilgari eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha jarima).

Qonun kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman e’lon qilinishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Toshkent IIBB "Chilonzor-18" dahasida ko‘p qavatli uylar oldida to‘planadigan "kapalak"larga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida xabar bergandik.

Unga ko‘ra, tungi kapalaklarga qarshi operatsiya Toshkentning barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida 65 nafar ayol ro‘yxatga qo‘yilgan, yana 826 nafariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksiga asosan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.