O‘qituvchilarga maosh to‘lash tartibiga oid qaror loyihasi tayyorlandi

Qaror loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlaridan ularning o‘quv yuklamalaridan tashqari lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Sputnik

 TOShKENT, 14 dek – Sputnik. “Xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekistonda qaysi soha mutaxassislari eng katta maosh oladi?

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Moliya vazirliklari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar va o‘qituvchilarining ish vaqti meyorlarini qayta ko‘rib chiqish asosida ortiqcha hisobotlarni kamaytirish, ta’limni boshqarish organlari va rahbarlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga barham berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullash belgilangan.

Qaror loyihasida aytilishicha, 2019-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini belgilash boshlang‘ich sinflarda haftasiga 16 akademik soat, yuqori sinflarda 18 akademik soat hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlaridan ularning o‘quv yuklamalaridan tashqari lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Qarorga Xalq ta’limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi nizom, xalq ta’limi muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlari, Xalq ta’limi muassasalari raxbar xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazviy tarif stavkalari miqdorlari ilova qilingan.

O‘zbekistonliklar qancha maosh olishadi

Xalq ta’limi xodimlarining lavozim maoshlari: xalq ta’limi muassasalarining pedagog xodimlari va rahbar xodimlarining har bir lavozimi va malaka toifasi uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari asosida shakllantiriladi.

Bazaviy tarif stavkasi Yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif stavkasini hamda qonun hujjatlarida belgilangan tarif stavkasiga doimiy ustamalarni, shuningdek pedagog va rahbar xodimlarning ayrim toifalari ish haqiga qo‘shilgan kompensatsiya to‘lovlarini o‘z ichiga oladi; xodimlarga qonun hujjatlarida belgilangan ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar asosida shakllantiriladi.

Xalq ta’limi pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari: xodimning lavozimiga; xodimning malaka toifasiga; xalq ta’limi muassasasining tipiga bog‘liq ravishda tabaqalashtiriladi.

Qaror loyihasi 29-dekabrgacha muhokama qilinadi.