Shvetsiya qiroli O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi

O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Nabijon Qosimov Shvetsiya Qiroli Karl XVI Gustavga ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Sputnik

TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Qirol O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni olqishladi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Shvetsiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekistonning boy tarixiy va me’moriy merosi, shuningdek, o‘zbek xalqining noyob madaniyati va an’analarini inobatga olgan holda, sayyohlik sohasidagi hamkorlik istiqbolli bo‘lishi mumkin.

“Suhbat chog‘ida Qirol Karl XVI Gustav 1978-yilda rafiqasi Qirolicha Silviya bilan Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifini juda mamnuniyat bilan esladi. Ushbu safar O‘zbekiston to‘g‘risida eng iliq va yorqin xotiralar hamda go‘zal qadimiy Samarqandning chuqur taassurotlari bilan yodlarida qolganligi qayd etildi”, - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston elchisi Saudiya Arabistoni qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining savdo masalalari bo‘yicha bosh direktori Teppo Tauriainen, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha deportamenti direktori o‘rinbosari Martina Kuik, shuningdek, Shvetsiya investitsiya va savdoga ko‘maklashish agentligi ““Business Sweden”, “Ericsson”, “Scania”, “Jambo Tours”, “TEMA” kompaniyalari va “Silc” nohukumat tashkiloti vakillari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda ko‘p qirrali ikki tomonlama sheriklikni, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning aniq masalalari muhokama qilindi.

Shvetsiya kompaniyalari delegatsiyasining 2019-yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.