TOShKENT, 13 dek - Sputnik. Bugun dunyoda har bir dollar investitsiya uchun qattiq kurash ketayapti, dedi Toshkent shahar hokimi va senator Jahongir Ortiqxo‘jayev senat majlisida, Sputnik muxbiri xabariga asosan.
- Moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan jadvalda O‘zbekiston soliq tizimi Latviya, Vengriya Fransiyadan afzal ekanligini ko‘rsatildi. Lekin har qanday investor mablag‘ kiritish uchun joy qidirganda u biror hududdagi mamlakatlar orasida tanlov o‘tkazadi, - dedi Ortiqxo‘jayev.
"Markaziy Osiyo hududida xalqaro investitsiyalar uchun O‘zbekistonning asosiy raqibi bu – Qozog‘iston, deb o‘ylayman. Qozog‘iston bilan solishtirganda bizning soliq stavkalar raqobatni yutqazib qo‘ymasmikan?", - deb savol berdi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
senator aytishiga qaraganda, Qozog‘istonda daromad solig‘i 10 % , O‘zbekistonda - 12 %. Qozog‘istonda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 %, O‘zbekistonda - 20 %.
Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, ushbu savolga javob berarkan xalqaro investitsiyalar uchun raqobat faqat solik stavkalari bilan o‘lchanmasligini, balkim kiritilgan kapitalga daromad qaytish ko‘rsatgichi va boshqa ko‘plab mezonlar hisobga olinishini ta’kidladi.
Agar sarmoya xom ashyo sohasida bo‘lsa, xom ashyoga ehtiyoj miqdori, agar sarmoya tayyor mahsulot sohasida bo‘lsa - ichki bozorning kattaligi va eksport bozorlarga kirish imkoniyatlari hisobga olinadi. Undan tashqari, O‘zbekistonga kelayotgan sarmoyadorlar bir qator soliqlardan ozod qilingan, - dedi vazir.
Shu bilan bir vaqtda Jamshid Qo‘chqorov har bir ishning o‘z vazifasini borligini va hadeb soliqlarni qisqartiraverish ham yaxshi natijalarga olib kelmasligini ta’kidladi.
Vazir fikriga ko‘ra, soliqlarning asosiy vazifasi bu investitsiya jalb qilish emas, balkim mamlakatdagi muhim ijtimoiy va siyosiy masalalarni hal qilish.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oxirgi yil davomida sarmoyalar jalb qilish bilan faol shug‘ullanmoqda. Ushbu maqsadda Respublika qonunchiligiga sarmoyadorlarni rag‘batlantiruvchi turli imtiyozlar kiritilgan. Undan tashqari Toshkentda va viloyatlarda doimiy ravishda investitsion forumlar tashkil qilib kelinmoqda.