DXXga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan “soxta polkovnik” qo‘lga olindi

Hozirda Mahmaraim Jabborov va Dilshod Ro‘zmetovga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13 dek – Sputnik. DXX xodimlari tomonidan firibgarlik va tovlamachilik bilan shug‘ullangan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar berildi "O‘zbekiston 24" telekanali tomonidan tayyorlangan video lavhada.

Qayd etilishicha, firibgar mahalliy fuqarolardan biriga o‘zini Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyalar bo‘limi polkovnigi Maxmaraim Jabborov, deb tanishtirib, kelgusida Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qiladi va buning evaziga sakkiz ming dollar so‘raydi.

Firibgar Qamashi tumanidagi oshxonalarning birida talab qilingan sakkiz ming dollardan teng yarmini olayotgan vaqtda DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida firibgarning yonidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi maxsus operatsiyalar bo‘limi, polkovnik Jabborov Mahmaraim Salomovich nomiga berilgan qalbaki xizmat guvohnomasi topilgan.

Xabarda, shuningdek, o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, odamlar ishonchiga kirgan va hokimiyat idoralari bilan bog‘liq muammolarni hal qilib berish evaziga fuqarolarning pulini olish bilan shug‘ullangan xivalik 39 yoshli Dilshod Ro‘zmetovning ham noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yilgani ta’kidlangan.

Aniqlanishicha Dilshod Ro‘zmetov bir necha fuqaroga yer uchastkalari ajratib berilishida yordamlashishni va’da qilib, ulardan jami 100 ming dollardan ortiq pul olgan.

Hozirda Mahmaraim Jabborov va Dilshod Ro‘zmetovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.