TOShKENT, 12 dek - Sputnik. BCW (Burson Cohn & Wolfe) xalqaro piar-agentligi “Dunyo yetakchilari Instagram᾽da” nomli tadqiqotini e’lon qildi va unda 426 ta rasmiy davlat akkauntlarini taqqoslab ko‘rdi. O‘zbekistondan ushbu tadqiqotda prezident va bosh vazir Abdulla Aripov akkauntlari qatnashdi, deb xabar qildi “Xalq so‘zi” nashri.
O‘tkazilgan tadqiqot Shavkat Mirziyoyev akkaunti sobiq ittifoq hududida 2-o‘rinda ekanligi ko‘rsatdi. Uning Instagram᾽dagi kuzatuvchilari tadqiqot o‘tkazilgan vaqtda 831,7 ming kishini tashkil qilgan, ayni damda esa kuzatuvchilar soni 1 milliondan oshib ketgan.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev akkaunti MDH davlat rahbarlari o‘rtasida peshqadamlik qilmoqda. Uning kuzatuvchilari soni 2,91 milliondan ortiq. Birinchi beshlikka Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev (236,7 ming kuzatuvchi), Ukraina prezidenti Potr Poroshenko (123,6 ming kuzatuvchi) va Qozog‘iston bosh vaziri Baqitjon Sagintayev (77,9 ming kuzatuvchi) akkauntlari kiritilgan.
Dunyo reytingida Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Instagram sahifasi 15 million kuzatuvchisi bilan 1-pog‘onani egallagan. Indoneziya prezidenti Joko Vidodo 12 milliondan ortiq kuzatuvchi bilan 2-o‘rinda joylashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp 10 milliondan ortiq kuzatuvchilari bilan peshqadamlar uchtaligiga yakun yasagan.