Bahodir Jalolov raqibini 1-raundda nokautga uchratdi

Bahodirning professional ringda o‘tkazgan janglari soni to‘rttaga yetdi. U barcha janglarini nokaut bilan yakunlagan.
Sputnik

TOShKENT, 10 okt - Sputnik. Havaskor boksda jahon chempionati sovrindori, bugungi kunda professional boksda faoliyat olib borayotgan og‘ir vaznli charm qo‘lqop ustasi Bahodir Jalolov o‘zining navbatdagi jangida ringga ko‘tarildi, deb xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi.

AQShning Kaliforniya shtati La Puente shahridagi “Industry Hills Expo Center” majmuasida o‘tkazilgan jangda Jalolovga amerikalik Valentin Markes raqiblik qildi.

Bahodir jangning birinchi raundidayoq Markesni nokautga uchratdi va faoliyatidagi to‘rtinchi jangni ham muddatidan oldin yakunladi.

Shu tariqa, Bahodirning professional ringda o‘tkazgan janglari soni to‘rttaga yetdi. U barcha janglarini nokaut bilan yakunlagan. Valentin esa professional  ringda 10 ta jang o‘tkazgan. Beshta jangda g‘alaba (2 tasi nokaut bilan) qozongan, 5 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan. Bahodirga qarshi bahsda u faoliyatidagi ilk bor nokautga uchragan.