O‘zbekiston parlamenti a’zolari Nazarboyev bilan uchrashdi

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Sputnik

TOShKENT, 27 noya - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Prezident Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishda xalqlarimizning azaliy qardoshlik aloqalari, eng asosiysi, prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat borasida yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni tobora yaxshilashga ustuvor ahamiyat berayotgani muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Nazarboyev: o‘zbek-qozoq munosabatlarining yangi bosqichini kuzatmoqdamiz

"Bugun o‘zaro munosabatlarimiz yaxshi bosqichda turibdi. Biz Shavkat Mirziyoyev bilan yiliga bir necha bor uchrashapmiz hamda iqtisodiy va siyosiy hamkorlik sohasidagi zaruriy masalalarni muhokama qilyapmiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlarda hamda ularning ijrosini ta’minlashda ikki davlat parlamentlari muhim o‘rin tutadi", - deb aytgan Nazarboyev.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaynoq va samimiy qutlovini yetkazdi. Keyingi ikki yil mobaynida O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.

Samimiy muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiy hamkorlikni tomonlarning mavjud salohiyati darajasiga olib chiqish, bu borada, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni yanada kuchaytirishga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.