Mudofaa vazirligi Aleksandr Xarlamovni 70 yoshi bilan tabrikladi

Mudofaa vazirligi afsonaviy harbiy uchuvchi Aleksandr Xarlamovni 70 yoshi bilan tabrikladi.
Sputnik

TOShKENT, 25 noya – Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi afsonaviy harbiy uchuvchi Aleksandr Xarlamovni 70 yoshi bilan tabrikladi, deb xabar qilmoqda muassasa matbuot xizmati.

Faxriy uchuvchining yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir Qurolli Kuchlari davlat muzeyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda QK Markaziy ashula va raqs ansamblining xonandalari chiqishlari hamda Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Aleksandr Xarlamovga bag‘ishlangan ekspozitsiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Aleksandr Xarlamov 1999—2000 yillarda aksilterror operatsiyalarida murakkab va mas’uliyatli vazifalarni bajargani uchun «Do‘stlik» hamda «Shon-sharaf» ordenlari bilan taqdirlangan”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek Xarlamov O‘zbekiston vertolot aviatsiyasining muvaffaqiyatli qo‘llanilishida, ko‘plab yosh harbiy uchuvchilarni tayyorlashda ulkan ishlarni amalga oshirgan. Havoda 7400 soatdan ortiq uchgani sabab «Harbiy uchuvchi-snayper» nomini olgan.

Aleksand Nikolayevich Xarlamov 1948-yili Qozog‘istonning Zelenova tumanida tug‘ilgan. 1966-yilda Sizran oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini tamomlagan. 1991—1992 yillar davomida Toshkentdagi aviatsiya boshqarmasi jangovar tayyorgarlik bo‘limi uchuvchisi — katta inspektor sifatida, 2000—2005 yillarda Harbiy havo kuchlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 2009—2011 yillar davomida «Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi»da sinovchi-uchuvchi sifatida faoliyat yuritgan. 2015-yildan buyon Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘shinlari Faxriylar ishlari bo‘yicha kengashining raisi hisoblanadi.

Mudofaa vazirligi Aleksandr Xarlamovni 70 yoshi bilan tabrikladi