Ekspertlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat deb tan olishdi

O‘zbekiston interaktiv xaritada sariq rangda ko‘rsatilgan. Bu jahon bo‘yicha o‘rta, Markaziy Osiyoda esa past xavf darajasini bildiradi.
Sputnik

TOShKENT, 23 noya – Sputnik. International SOS va Control Risks xalqaro kompaniyalar ekspertlari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishlash va sayohat qilish uchun eng xavfsiz davlat deb tan olishdi. Ma’lumotlar interaktiv xaritada keltirilgan.

O‘zbekiston medium (o‘rta) xavfni ifodalovchi sariq rangda belgilangan. Ushbu rang jahon bo‘yicha o‘rta, Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa boshqa davlatlarga qaraganda past xavf darajasini ifodalaydi.

"Xavfsiz shahar" konsepsiyasi endi Samarqandda ham joriy etilmoqda

Reyting sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lgan – yuqumli kasalliklar xavflari, tibbiy yordamning sifati hamda umumiy xavfsizlik – jinoyatchilik darajasi, huquqni himoya qiluvchi organ va favqulodda vaziyatlar xizmatining samaradorligini baholagan.

Yuqori darajadagi xavf Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh tumanlari va Qirg‘izistonning janubida qayd etilgan. Afg‘oniston - mintaqaning eng xavfli davlati deb ko‘rsatilgan.

International SOS – bu dunyodagi eng yirik tibbiyot va turistlik xizmatlaridan biri hisoblanadi, bu kompaniya jahonning 92 ta davlatlarida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Lonely Planetning “Osiyoning sarguzashtlar uchun eng yaxshi joylari” reytingiga kiritilgandi.