Gaz narxini oshirgan zapravkalarga sanksiya qo‘llanishi mumkin – Moliya vazirligi

Moliya vazirligi gaz-zapravkalar tomonidan narxning 17 foizga oshirilishini asossiz, deb biladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 noya – Sputnik. Moliya vazirligi gaz-zapravkalar tomonidan narxning 17 foizga oshirilishini asossiz ekanligi va agar narxlar 15-noyabrgacha bo‘lgan holatga qaytmasa, tegishli choralarni ko‘rishga majbur bo‘lishini ma’lum qilgan.

Shu yilning 16-noyabridan avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali quyilayotgan gaz narxlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, ular tomonidan realizatsiya qilinayotgan tabiiy gaz narxi 300-400 so‘mga qimmatladi (1700-1800 so‘mdan 2000-2200 so‘mgacha).

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali realizatsiya qilinayotgan tabiiy gaz narxini oshirishga asos yo‘q.

Benzin, gaz va elektr energiyasi qanchaga qimmatlashdi

"Moliya vazirligi gaz-zapravkalar tomonidan narxning 17 foizga oshirilishini asossiz, deb biladi. Agar narxlar 15-noyabrgacha bo‘lgan holatga qaytmasa, tegishli sanksiyalarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Jumladan, transport vositalari uchun benzin, dizel yonilg‘isi va gaz iste’moli uchun soliq stavkasini ko‘paytirish orqali noqonuniy yo‘l bilan olinayotgan daromadlarni olib qo‘yish taklifi bilan chiqishga yoki boshqa fiskal choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi", - degan vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun: 16-noyabrga qadar gaz-zapravkalarga yetkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning narxi — 789 so‘m 74 tiyin (buning 289,74 tiyini — tabiiy gazning ulgurji sotish narxi, 500 so‘mi — maxsus investitsiya ustama haqi).

Hozirgi paytda Davlat raqobat qo‘mitasi, “O‘zdavneftgazinspeksiyasi” va davlat soliq xizmati organlariga qonunchilikda belgilangan tartibda nohalol raqobat faktlarini aniqlash maqsadida gaz-zapravkalarda narxlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilgan.