TOShKENT, 18 noya - Sputnik. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida davom etayotgan "Dubai Cup" musobaqasining ikkinchi turida BAA jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi.
Gollar mualliflari ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Sanjar Qodirqulov (75) va Islom Qobilovlar (80, penalti) bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 14-noyabr kuni vakillarimiz Yaponiyaga qarshi maydonga tushib, 2:2 hisobida durang qayd etishgan edi. Navbatdagi o‘yin Quvayt terma jamoasiga qarshi 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston jamoasi a’zolari: Umidjon Ergashev, Hojiakbar Alijonov, Islomjon Qobilov, Husniddin G‘ofurov, Azizbek Omonov (Farrux Ikromov, 70), Davron Umirov (Oston Urunov, 46), Islom Kenjaboyev (Sanjar Qodirqulov, 70), Islom Rashidxonov (Nurullo To‘xtasinov, 60), Mirjahon Mirahmadov (Oybek Rustamov, 88), Sherzod Nasrullayev (Dilshod Saidov, 88), Sharof Muhiddinov (Abrorbek Ismoilov, 60).
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Bobur Abduxoliqov va Abdulla Abdullayev jarohati sababli Dubaydagi musobaqada ishtirok eta olmayapti.