TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimiga pichoq bilan hujum qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, shu yil 16-noyabr kuni Toshkent tumani Keles shahrida yashovchi N.D. (ayol) o‘zi ishlayotgan “Maximal-Market” do‘konida fuqaro B.A. bilan o‘zaro janjallashayotgan vaqtida do‘konga xarid uchun kirgan Toshkent tumani IIB xodimi leytenant S.M. ularni ajratmoqchi bo‘lganida fuqaro B.A. pichoq bilan xodimga jarohat yetkazgan.
Natijada leytenant S.M.ga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. B.A. qo‘lga olingan. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida ham Qashqadaryoda yo‘l-patrul xizmati xodimlariga hujum qilingandi. Xususan, "Kobalt" rusumli avtomobil haydovchining o‘g‘li qo‘liga pichoq olib Koson tumani ichki ishlar boshqarmasiga tegishli "Damas" rusumli avtomashina oynasini sindirib, ballonlariga shikast yetkazgan va voqea joyidan qochib ketilgan.
Tezkor choralar natijasida hujum qilgan shaxs va avtomashinada bo‘lganlarning barchasi ushlanib, tuman prokuraturasiga topshirilgandi.