“Malika” savdo majmuasida tekshiruv: noqonuniy sotilayotgan texnika vositalari aniqlandi

Toshkentda savdo majmuasida o‘tkazilgan reyd davomida sal kam 8 ming dona uyali aloqa telefonlari aniqlandi.
Sputnik

TOShKENT, 15 noya – Sputnik. Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari “Malika” savdo majmuasida reyd o‘tkazishdi, deb xabar qildi UzNews Davlat soliq qo‘mitasiga asoslangan holda.

Bosh prokuratura soliq va bojxona organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytiradi

Xabarda aytilishicha, joriy yil 13-noyabr kuni “Malika” savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va respublikaga yashirin yo‘llar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan.

 Ushbu fuqarolar iste’molchilar huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tovarlar savdosi hamda sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda, davlat budjeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni to‘lamagan.

Nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgan umumiy qiymati qariyb 308 million so‘mlik 66 ta maishiy texnika vositalari, 7,8 mingta uyali aloqa va aksessuarlar “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal bo‘lguniga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi.