O‘zbekistonda tekshiruvlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yagona elektron tizim yuritiladi

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi tasdiqlanadi.
Sputnik

TOShKENT, 13 noya — Sputnik. “Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Oltin valyuta zahiralari va foydali qazilmalar - yangi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish uchun Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalariga yuborilgan buyurtma, shuningdek, tekshiruv to‘g‘risida ma’lumotlar, monitoring va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida aniqlangan qonunbuzishlarni bartaraf qilish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar kiritiladi.

Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishni tasdiqlash bir ish kuni davomida amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organning mas’ul xodimi Yagona tizimda bir marotaba ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

“O‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada qayd etilgan qonun buzilishi holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik subyektiga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (yozma ko‘rsatma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risida qarorlar, sud qarorlari va boshqalar) mazkur choralar qo‘llanilgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmasdan nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga kiritilishi shart”, - deyilgan qaror loyihasida.

Loyihada tadbirkorlik subyekti o‘z so‘roviga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida va real vaqt rejimida Internet tarmog‘i orqali olishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Ushbu loyihaning muhokamasi 27-noyabrgacha yakunlanadi.