TOShKENT, 12 noya — Sputnik. "Ayrim ma’lumotlarni rasman chop etish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini muvaffaqiyatli olishni ta’minlash hamda xalqaro reyting agentliklari va investorlar uchun mamlakat iqtisodiy salohiyati va investitsion jozibadorligini to‘laqonli namoyish etish maqsadida quyidagi:
- O‘zbekiston Respublikasi foydali qazilmalarining umumiy zahiralari, qazib olingan (ishlab chiqarilgan), sotish hajmlari va mablag‘larning taqsimlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” DKlarning 2013-yildan boshlab milliy yoki xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari;
- 2017-yil 1-yanvar holatigacha bo‘lgan yillik davlat oltin valyuta zahiralari miqdori va ularning tarkibiy tuzilmasi;
- davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (ichki va tashqi) qarzlarining umumiy hajmi, manbalari, valyutalari, foiz stavkalari, muddatlari hamda qarzdor tashkilotlar kesimida o‘zlashtirish va qaytarish to‘lovlari bo‘yicha ma’lumotlarni rasman chop etish bo‘yicha cheklovlar olib tashlash nazarda tutilgan.