Majburiy obuna: Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi

Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Hasan Soibnazarov o‘z xatida tumandagi jami 57 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlariga o‘qituvchilarni davriy nashrlarga obuna bo‘lishini topshiradi.
Sputnik

TOShKENT, 6 noya - Sputnik. Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy obuna to‘g‘risida bergan ko‘rsatmasi uchun o‘z lavozimidan ozod etildi, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.

Xalq ta’limi vazirligi huzurida ekspert-tahlil kengashi tashkil etildi

Kuni kecha bir necha internet OAV nashrlarida Bekobodda o‘qituvchilar 2019-yil uchun obunaga majburlanayotganligi haqida maqolalar chop etilgandi.

Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari ushbu ma’lumotlarni joyiga chiqib o‘rganib, Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov tomonidan o‘zboshimchalik bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlariga bir necha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish vazifasi yuklatilgani aniqlangan.

O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi qaroriga ko‘ra, xalq ta’limi xodimlarining bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlangan.

“O‘rganish natijasida Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov lavozimidan ozod etildi va uning majburiy obuna to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bekor qilindi. Shu bilan birga majburiy obunani oldini olish bo‘yicha kerakli choralar ko‘rmaganligi va to‘liq nazoratga olmaganligi uchun Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i Shukur Burhonovga intizomiy chora ko‘rildi”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, barcha xalq ta’limi hududiy boshqarmalariga yana bir bor majburiy obunani oldini olish bo‘yicha qat’iy topshiriq berilgan.

Xabarda Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-sonli qarorining 5-bandida qishloqlarda joylashgan umumta’lim maktablarini o‘ntagacha gazeta va jurnallarga mahalliy budjet hisobidan obuna qilish belgilangani, qishloq joylaridagi umumta’lim maktablariga 2019-yil obunasi uchun 10 nomdagi gazeta va jurnallar tavsiya etilgani va Bekobod tumani xalq ta’limi bo‘limiga “Toshkent haqiqati”, “Xalq so‘zi”, “Bekobod ovozi”, “Ma’rifat” gazetalariga obuna bo‘lishlari uchun mahalliy budjet hisobidan mablag‘lar ajratilgani ham ta’kidlangan.