TOShKENT, 6 noya - Sputnik. 2018 yilning 7-8 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaga tashrif buyuradi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
"Germaniya Tashqi ishlar federal vaziri Xayko Maas va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar chog‘ida bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston-Germaniya uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilinadi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, xabarda aytilishiga ko‘a, tashrif doirasida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ilgariroq Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gunter Overfeld mahalliy OAVlariga Mirziyoyev 2019-yilning yanvar oyida Germaniyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini xabar qilgan edi. Diplomat aytishiga qaraganda, bo‘lajak tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev federal kansler Angela Merkel va GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan muzokaralar o‘tkazadi.