IIV BMT Aksilterror boshqarmasi bilan kiberterrorizm masalasini muhokama qildi

Suhbat jarayonida terroristik tashkilotlar a’zolari tomonidan yoshlarni o‘z saflariga yollashga urinish holatlariga qarshi kurash, kiberterrorizm, noqonuniy migratsiya va aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama etilgan
Sputnik

TOShKENT, 3 noya - Sputnik. O‘bekiston Ichki ishlar vazirligiga BMT Bosh kotibining o‘rinbosari – BMT Aksilterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

2018 yil davomida har kuni beshtadan ko‘p teraktlar sodir etilgan - Rashid Alimov

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi IIV, DXX va TIV mas’ul xodimlari ham ishtirok etgan.

BMT Aksilterror boshqarmasi rahbari Voronkov bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyoda ham ulkan ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tgan.

"Mehmonlar o‘n yillar davomida qurolli to‘qnashuvlar davom etib kelayotgan qo‘shni Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasining tashabbusiga alohida urg‘u berdilar", - deyiladi xabarda.

Suhbat jarayonida terroristik tashkilotlar a’zolari tomonidan yoshlarni o‘z saflariga yollashga urinish holatlariga qarshi kurash, kiberterrorizm, noqonuniy migratsiya va aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama etilgan. Shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalar belgilab olingan.