O‘zbekistonda 1-noyabrdan nimalar kuchga kiradi ?

Eng kam ish haqi oshirilishi, savdo-sotiq qoidalari soddalashtirilishi, unning bozor narxlari joriy etilishi va qonunchilikdagi boshqa yangiliklar haqida.
Sputnik

TOShKENT, 1 noya – Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 1-noyabrdan boshlab qanday o‘zgarishlar kuchga kirishi haqida Norma.uz portali xabar bermoqda.

Birinchidan, eng kam ish haqi, pensiya va stipendiyalar o‘rta hisobda 10%ga oshiriladi. Bugundan boshlab EKIH miqdori – 202730 so‘m, yoshga doir pensiyalar va nogironlarga bolalikdan  beriladigan nafaqalar miqdori – 396500 so‘m, ij stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – 243300 so‘m etib belgilandi.

O‘zbekistonda 1-noyabrdan oylik, stipendiya va pensiyalar miqdori oshirildi

Ikkinchidan, savdo-sotiq tartibi yanada erkinlashtirildi. Naqd pul tushumini topshirish (inkassatsiya) tartibi soddalashtiriladi, korporativ bank kartalari yordamida hisob-kitob qilganda esa oldi-sotdi shartnomasini tuzmaslik mumkin, biroq invoys (hisobvaraq-faktura) rasmiylashtirish zarur.

Tovar-xom ashyo birjalari birjada sotiladigan mahsulotlarni saqlash va logistika qilish, shuningdek AKTni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha shu’ba xo‘jalik birlashmalarini tuza oladilar. Import bo‘yicha olib kelingan yuqori likvidli mahsulotlar esa ichki bozorda cheklovlarsiz – birja orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi mumkin (ilgari – faqat birja orqali);

Uchinchidan, 1-nav bug‘doy uni narxini belgilashning bozor mexanizmlari joriy etiladi. Eslatib o‘tamiz, 15-sentabrdan buyon tartibga solinadigan ulgurji sotish narxi – 1 kg uchun 1 400 so‘m amal qilib kelmoqda.

To‘rtinchidan, oy boshidan boshlab farmatsevtika sohasida yangi qoidalar qo‘llaniladi:

a) dori vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi guvohnomasi o‘rniga tegishli Davlat reyestridan ko‘chirma beriladi. Bundan buyon ro‘yxatdan o‘tishning amal qilish muddatini uzaytirish kerak bo‘lmaydi. Davlat reyestriga ma’lumotlar kiritiladi va unda doim saqlanadi;

Toshkentda 12-noyabrdan isitish mavsumi boshlanadi

b) dorixonalar va uning filiallari «angro» mahsulotini (yirik qadoqdagi dori vositalari va keyinchalik ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xom ashyo) sotishga haqlilar.

Beshinchidan, terroristik, ekstremistik tuzilmalar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan kishilar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi. Ushbu mexanizmning barcha tafsilotlari haqidagi hujjat ayni damda muhokama qilinmoqda.

Oltinchidan, YHQni buzganlik uchun jarimalar to‘lashning billing tizimi joriy etiladi. Jarimalar to‘g‘risidagi xabarlar SMS shaklida yoki pochta orqali yuboriladi. «Ma’muriy amaliyot» yangi elektron kompleksi yordamida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida ishlarni ko‘rib chiqib, jarima undirilishi mumkin.

Yettinchidan, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi, shuningdek oliy ta’lim muassasalari huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlar Xalq ta’limi vazirligining idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Undan tashqari, 5 noyabrdan - to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kamida 5% bepul joylarni ajratish talabi, 19 noyabrdan - xorijiy avtotashuvchilarni XYT daftarchasidan foydalanish huquqidan mahrum qilish asoslari ro‘yxati va 21 noyabrdan chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni hisobga olishning yangi qoidalari kuchga kiradi.