TOShKENT, 1 noya - Sputnik. O‘zini Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy Universitetining 2-chi kurs talabasi deb tanishtirgan yigit eksperiment boshladi – u a’lochi stipendiya puliga bir oy yashab ko‘rmoqchi.
Sputnik muxbiriga universitetda bugungi kunda a’lochi stipendiyasi - 650 ming so‘m atrofida ekanligini aytishdi.
O‘zini Rustam deb tanishtirgan yigit o‘z loyihasi haqida Facebookdagi sahifasida video joylashtirdi. U 1-noyabrdan eksperimentni boshlab, bir oy davomida har kuni videolarini joylashtirib borishi ma’lum qildi.
Tajribani e’lon qilgan yigit o‘z familiyasini aytmagan, shuning uchun Sputnik muxbiriga universitet xodimlari uni tahsil olishini tasdiqlashmadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 1-noyabridan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravarga oshirildi.