Mirziyoyev budjet defitsitini qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Yig‘ilishda kelgusi yili budjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy o‘zgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi ta’kidlandi.
Sputnik

TOShKENT, 31 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni joriy yilda davlat budjetining kutilayotgan ijrosi, 2019-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, budjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Toshkent hamma sohalarda namuna bo‘lishi kerak - Shavkat Mirziyoyev

Yig‘ilishda joriy yil yakuni bo‘yicha davlat budjeti daromadlari 74,5 trillion so‘m, xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etishi, mahalliy budjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 6 barobar ko‘p mablag‘ qolishi kutilayotgani qayd etildi. 

Asosiysi, budjet sohasi xodimlari ish haqlari, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya ko‘rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, profesor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqlari 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.

Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xo‘jaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital quyilmalar oshishi budjet daromadlari ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

“Yil yakuniga qadar yana ikki oy bor. Shuning uchun barcha rezervlarni ishga solib, budjetda yuz berishi mumkin bo‘lgan defitsitning oldini olish zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda kelgusi yili budjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy o‘zgarishlar natijasida aholi va biznesga katta yengilliklar yaratilishi ta’kidlandi. 

Xususan, 2019-yil 1-yanvardan:

Ish haqi o‘zgarishi va yangi ish o‘rinlarini yaratish - Markaziy bank

- tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni to‘liq bekor qilish natijadasida korxonalarda qo‘shimcha 5,2 trillion so‘m daromad qoladi;

- jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy to‘lovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sug‘urta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi;

- yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i 5 foizdan 2 foizgacha, foyda solig‘i 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes subyektlari yagona solig‘i 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy to‘lovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.

Bunday yengilliklar natijasida budjet tushumlarini ta’minlash biroz qiyinlashadi. Shu bois yig‘ilishda budjet defitsitini qisqartirish, daromadlarni ko‘paytirish, jumladan, ishchilar soni va ish haqini legallashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

2019 yilgi Budjetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qo‘yildi. 

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, optimizatsiya qilish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. 

2019 yilgi budjetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, prezident uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.  

“Kelgusi yil ham budjetdan to‘lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining o‘sishi nisbatan past bo‘lgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy e’tibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy ta’lim va fan muassalalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur”, – dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablag‘lar hajmini 20 foizga ko‘paytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning davlat budjeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. 

Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Buning uchun imtiyozli shartlarda xorijiy mablag‘larni jalb etish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ta’mirlanadigan obyektlarni aniq shakllantirib, 2019-yilgi Investitsiya dasturiga kiritish zarurligi qayd etildi. 

Budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.