Samarqandda Xalqaro vatandoshlar forumi bo‘lib o‘tadi

2019 yilda Samarqandda xorijda yashayotgan vatandoshlarning Xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik

TOShKENT, 27 okt – Sputnik. 2019-yilda Samarqandda xorijda yashayotgan vatandoshlar ishtirokida xalqaro forum tashkillashtirish rejalashtirilgan. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni imzolagan “Xorijda yashovchi vatandoshlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi” qarorda aytib o‘tilgan.

“Xorijdagi vatandoshlar bilan madaniy-gumanitar hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2019-yilda Samarqandda Xalqaro vatandoshlar forumini tashkil qilish masalasi ko‘rib chiqilsin”, - deyilgan qarorda.  

Ushbu forumni o‘tkazish haqida yakuniy takliflar, taklif qilinayotgan vatandoshlar ro‘yxatlari  Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019-yilning 1-fevraliga qadar ishlab chiqilishi kerak. 

Xalqaro vatandoshlar forumi “Buyuk kelajak” hamda “El-yurt umidi” fondlari mablag‘lari asosida tashkil qilinadi.

Prezident qarorida, aytilishiga ko‘ra, kelajakda xorijlagi vatandoshlar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar o‘tkazish, axborot almashish va boshqa turdagi doimiy muloqot yo‘lga qo‘yiladi.