Rossiya va O‘zbekiston ta’lim sohasida 100 dan ortiq shartnomalar imzolaydi- MGU rektori

Ushbu forumda imzolangan shartnomalar orasida O‘zbekistonda MGIMO, Rossiya Kimyo-texnologiya universiteti filiallarini ochish haqidagi kelishuvlar ham bor.
Sputnik

TOShKENT, 18 okt – Sputnik. O‘zbekiston – Rossiya ta’lim forumi doirasida 100 dan ortiq shartnomalar imzolanadi, dedi MGU rektori Viktor Sadovnichiy, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Rossiya prezidenti tashrifi arafasida 18-19 oktabr kunlari “Yangi iqtisod uchun yangi kadrlar” shiori ostida ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.

“Ushbu forumning eng katta muvaffaqiyati Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi to‘g‘risida 100dan ortiq hujjatlarning imzolanishi hamda ta’lim sohasida oldingi o‘zaro aloqalar tizimini tiklashdir”, - dedi Sadovnichiy Sputnik muxbiriga.

Ushbu forumda imzolangan shartnomalarning aksariyati OTMlar orasida hamkorlik o‘rnatish haqidagi kelishuvlardir. Hujjatlar orasida, O‘zbekistonda MGIMO, Rossiya Kimyo-texnologiya universiteti filiallarini ochish haqidagi kelishuvlar ham bor.

Eslatib o‘tamiz, ushbu forumda ishtirok etish uchun Rossiyadan 80ta oliy ta’lim maskanlari rektorlari Toshkentga kelishgan.

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, ayni damda Rossiyada 23 ming nafar o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. O‘zbekistonda esa 4ta Rossiya OTMlari filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.