“Toshshahartransxizmat”da Mersedes mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“Toshshahartransxizmat” AJda, avtobuslar  yonib ketish holatlari yuzasidan, Mersedes kompaniyasining texnik mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  
Sputnik

TOShKENT, 17 okt – Sputnik. “Toshshahartransxizmat” AJda Mersedes kompaniyasining texnik mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

"Mersedes avtobuslariga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonini yaxshilash maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJda Germaniyaning “Mercedes-Benz” kompaniyasi menejeri Maks Kirshenxofer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi", deyilgan xabarda. 

Unda “Mercedes-Benz” rusumli avtobuslarning texnik holati, ularga ko‘rsatilayotgan servis xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Shuningdek, 2012-2013 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslarga va harakat tarkibini yangilashga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Ma’lumki, oxirgi vaqtlarda Toshkentda  Mersedes avtobuslar bilan bog‘liq bir necha ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lgan edi.

Shu bois, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan aynan 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan “Mercedes-Benz” rusumli avtobuslarni chuqurlashtirilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rildi. Aniqlangan nosozliklar bartaraf etilib, soz holga keltirilgan avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilmoqda.