TOShKENT, 14 okt – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi.
O‘zbekiston prezidenti mehmonni qutlar ekan, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Xususan O‘zbekiston va Rossiya orasida so‘nggi yil davomida 80 dan ortiq yuqori darajali tashriflar amalga oshirilgani, O‘zbekiston hududlari va Rossiyaning 28 subyekti bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yilgani hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 20 % dan oshgani qayd etildi.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifi kun tartibidagi iqtisodiy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.