Shavkat Mirziyoyev qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi – iqtisodiyotda likvidlilik darajasi oshishiga hamda bo‘sh pul mablag‘larining muhim investitsiya va infratuzilma loyihalariga jalb etilishini taqozo qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2018-yil 10-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi va iqtisodiy idoralar rahbarlari ishtirokida mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iktisodiy rivojlantirish holati va yil yakunlari bo‘yicha kutilayotgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Putin va Mirziyoyev: qiziqishlar mutanosibligimi yoki manfaatlar to‘qnashuvi?

Moliyaviy bozorning rivojlanishi iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy omili hisoblanadi.

Shu bois O‘zbekistonda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, prezidentining 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni amalda bo‘lgan valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishning mutlaqo yangi tizimiga asos bo‘ldi.

“O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi – iqtisodiyotda likvidlilik darajasi oshishiga hamda bo‘sh pul mablag‘larining muhim investitsiya va infratuzilma loyihalariga jalb etilishini taqozo qiladi”, - deyilgan xabarda.

Kapital bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, banklar va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim loyihalarga jalb qilish ham yaxshi samara beradi. Bu borada yangi islohotlarni amalga oshirish davlat budjeti xarajatlarini bir maromda moliyalashtirish uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining joylardagi ijrosi bo‘yicha mutasaddi rahbarlar hisoboti eshitildi.

O‘zbekiston rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatda kapital bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish, shuningdek, joriy yilni muvaffaqiyatli yakunlash va barcha prognoz qilingan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.