O‘zbekistonda AES qayerda qurilishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi uchun joy qanday tanlanganini Yadro fizikasi instituti xodimi aytib berdi.
Sputnik

TOShKENT, 9 okt – Sputnik. O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish uchun joy tanlash qanday amalga oshirilgan haqida Sputnik muxbirga Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Sodiqov Ilhom Ismoilovich so‘zlab berdi.

O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi surati

"Atom elektr stansiyasi uchun joy tanlashda biz, avvalo, o‘tgan asrning 80-yillarda o‘tkazilgan dastlabki izlanishlar natijalari bilan tanishib chiqdik va 70ta potensial hududni tanlab oldik.

Ular orasida infratuzilmalarga, elektr uzatish liniyalariga, suv havzalariga yaqinligi hamda seysmik faollik va boshqa ko‘rsatgichlariga asosan 10 ta asosiy hudud tanlandi.

So‘nggi bosqichda biz Buxoro  va Navoiy viloyatlari chegarasida To‘dako‘l ko‘li yaqinida joylashgan maydonni tanlab oldik.

AES qurilishida eng asosiy talablardan biri bu – suv manbaasining yaqin bo‘lishidir. Ma’lumki, AES faoliyatida katta miqdorda texnik suv kerak bo‘ladi.  

To‘dako‘l ko‘li yaqinidagi maydon, eng mos keladigan maydonlardan biridir. Chunki bu yerda texnik va ichimlik suv manbaalari bor. Undan tashqari 500 kilovoltli elektr uzatish liniyalari,  avtomobil va temiryo‘l ham yaqin joylashgan. Shuningdek, ushbu hudud 8 ballik seysmik faollik hududi hisoblanadi. Bizning stansiya esa 9 balli seysmik zonaga mo‘ljallangan. Misol uchun, ana shunday stansiyalar Turkiyada qurilgan. Umuman olgandan ushbu hudud Rosatom talablariga to‘liq javob beradi", - dedi Sodiqov.

Ilhom Sodiqov aytishiga qargandan atom elektr stansiyasi qurilishi O‘zbekiston uchun juda muhim ahamiyatga ega. Birinchidan bu – barqaror va arzon elektr energiyasi manbaidir. Ikkinchidan AES – infratuzilma, fan, madaniyat va iqtisodning turli sohalarini rivojlantirishga yordam beradi.

Uchinchidan esa – O‘zbekistonni AESga ega bo‘lgan nufuzli mamlkatlar qatoriga qo‘shadi, - deydi olim.