Shavkat Mirziyoyev Fransiya Senati raisi bilan uchrashdi

Fransiya Senatida O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida ta’kidladi.
Sputnik

TOShKENT, 9 okt – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Parij shahrida Fransiya Respublikasi Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Senat vakili dabdabali to‘ylarni taqiqlash nega kerakli natijani bermasligini tushuntirdi

O‘zbekiston prezidenti Senat raisini samimiy qutlar ekan, unga o‘zbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitutsiyasining ilk nusxasini sovg‘a qildi.

Fransiya Senati Raisi mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.

O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik ulardagi do‘stlik guruhlari ishi tufayli ancha faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston prezidenti Fransiya Senatining tarixiy binosini ko‘zdan kechirdi.

Aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Oliy Majlisining ikkala palatasida ham Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Fransiya Senatida “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya - O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda. Ushbu aloqalar O‘zbekiston va Fransiya xalqlari o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.