O‘zbekiston prezidenti Fransiya fuqarolari uchun vizasiz tartibni joriy etdi

O‘zbekiston prezidentining 4-oktabrdagi farmoniga muvofiq Fransiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz rejim kuchga kirdi
Sputnik

TOShKENT, 6 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti imzolagan Farmonga muvofiq 5-oktabr sanasidan Fransiya fuqarolari uchun vizasiz tartib kuchga kirdi.

Bu haqda O‘zbekiston Turizm Davlat qo‘mitasi matbuot-xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston va Fransiya hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston prezidentining 4-oktabrdagi farmoniga muvofiq Fransiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz rejim kuchga kirgan.

Ushbu qaror O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida o‘zaro madaniy, ilmiy va ta’lim sohalaridagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan.

Bu esa o‘z o‘rnida mamlakat investitsion muhiti hamda turistik salohiyati rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deya ta’kidlanadi xabarda.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 10-fevral sanasidan Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya davlatlari fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgan. Shuningdek, 39 davlat vakillariga, shu jumladan fransuzlarga ham turistik vizalarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirishga ruxsat berilgan edi.

O‘zbekiston va MDH davlatlari hamda Gruziya o‘rtasida ham vizasiz tartib o‘rnatilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9 oktabr kunlari Emmanuel Makron taklifi bilan rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ladi.