TOShKENT, 4 okt – Sputnik. Ikki kun oldin, 2-oktabrda Facebook’dagi “Xalq fikri” guruhida Samarqand ko‘chalarida Spark avtomobilini mashina oynasidan oyog‘ini chiqarib haydayotgan yosh haydovchining videosi “Kim ekan bu madaniyatli?” degan izoh bilan joylashtirilgan edi.
Videoda avtomobil davlat raqami ko‘ringani tufayli Ichki ishlar organlari uchun uni topish muammo bo‘lmagan. Va oradan bir kun o‘tib, 3-oktabrda ushbu guruhda ichki ishlar organlari vakillari tomonidan suratga olingan yana bir video paydo bo‘ldi. Unda haligi “madaniyatli” haydovchini butunlay boshqacha holda ko‘rish mumkin.
IIB xodimining - Nega oynadan oyog‘ingizni chiqarib transport vositasini boshqardingiz? degan savoliga, haydovchi - Yoshlik qildim, boshqa qaytarilmaydi, deb javob qaytargan.