TOShKENT, 4 okt - Sputnik. Xalqaro press-klub sessiyasida “O‘zbekenergo” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Raimov ishlab chiqarilgan elektr energiya miqdori haqida axborot berdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Mana qish eshigimizni qoqib kelayapti. Bu savolni respublikamiz har bir xonadoni, har bir fuqarosi berishga, eshitishga, o‘rganishga to‘la haqli. 9 oy davomida 45,5 milliard kVt/s energiya ishlab chiqarildi. Reja 104 foizga ortig‘i bilan uddalandi”, - deb axborot berdi Raimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yil davomida rejalashtirilgan ishlab chiqarish elektr energiyasi 63,7 milliard kVt/s bo‘ladi. Agar o‘tgan yil mos davriga taqqoslansa, 3 milliard kVt/s ortiqcha energiya ishlab chiqariladi.
“Endi tasavvur hosil qilish uchun, shu 3 milliard kVt/s ko‘p-mi, kam-mi degan savol bo‘ladi. 3 milliard kVt/s bu respublikamizda Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasini to‘liq elektr energiya bilan ta’minlash demakdir”, - deb qo‘shimcha qildi Ro‘ziqul Raimov.