O‘zbekiston oliygohlari 5 ballik baholash tizimiga qaytishdi

Talabalar bilimini nazorat qilish oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

O‘zbekistonda 600ga yaqin talaba kontrakt pulini to‘lolmay o‘qishni tashlagan

Nizomga muvofiq talabalar bilimini nazorat qilish oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Oraliq nazorat har bir fan bo‘yicha 2-martagacha o‘tkazilishi mumkin.

Yakuniy nazorat turi semestr yakunida (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida fan yakunida) o‘tkaziladi.

Talabalarning bilimi 5 ballik tizimda quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

- talaba mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda – 5 (a’lo) baho;

- talaba mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning  mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda – 4 (yaxshi) baho;

- talaba olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda fan bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda – 3 (qoniqarli) baho;

O‘zbekistonda oliygohlarga imtihonlar test savollari qayta ko‘rib chiqiladi

- talaba fan dasturini o‘zlashtirmagan, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda fan bo‘yicha tasavvurga ega emas deb topilganda –2 (qoniqarsiz) baho bilan baholanadi.

Tegishli fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan professor-o‘qituvchi yakuniy nazorat turini o‘tkazishda ishtirok etishi taqiqlanadi.

Oraliq nazoratni topshirmagan yoki “2” baho olgan talaba yakuniy nazorat turiga kiritilmaydi.

Yakuniy nazoratga kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek ushbu “2” baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Bir kunda 1 tadan ortiq fan bo‘yicha yakuniy nazorat turi o‘tkazilmaydi.

Baholash natijasidan norozi bo‘lgan talabalar natija e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida fakultet dekani tomonidan tashkil etiladigan Apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya berish huquqiga ega.