Andijon viloyatida og‘ir sharoitda yashayotgan ayollarga uylar beriladi

Andijon viloyatidagi bo‘sh turgan 16 ta yotoqxona binosi turar joylarga aylantiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Andijon viloyatida og‘ir uy-joy maishiy sharoitlarda yashayotgan va boquvchisini yo‘qotgan ayollarni uy-joy bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Uy-joylarni buzishda yo‘l qo‘yilgan minglab qonunbuzarliklar aniqlandi

Qarorga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining viloyatdagi bo‘sh turgan 16 ta yotoqxona binosi turar joylarga aylantiriladi.

Mazkur uy-joylar og‘ir sharoitda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilayotgan xotin-qizlar, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj ayollarga beriladi.  

Turar joylarga talabgorlarni tanlash hududiy komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, bo‘sh turgan yotoqxonalarning ishlab chiqarish, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va maktabgacha ta’lim muassasalariga aylantirilgan qismi tadbirkorlarga belgilangan tartibda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar evaziga “nol” xarid qiymatida sotiladi yoki tekin foydalanish shartnomasi asosida beriladi.